Maktabimizdagi asosiy ta'lim va muloqot tili
Iqtidor Xalqaro Maktabida ta’limning asosiy tili — o‘zbek tilidir. Bu bizning ongli, faxrli va qadriyatlarga sodiq tanlovimizdir — milliy tilimizning go‘zalligi, teranligi va ifoda qudratini ulug‘lashdir. Biz ishonamizki, bola eng yaxshi aynan yuragining tilida fikrlaydi va o‘zbek tilini mukammal egallash keyingi barcha bilimlar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Rus va ingliz tillari esa xorijiy tillar sifatida mukammal o‘qitiladi. Bu orqali o‘quvchilarimiz o‘z milliy qadriyatlariga, muloqot vositalariga va tarixiy ildizlariga sodiq qolgan holda, shu bilan birga, butun dunyo bilan bog‘lana oladigan ko‘p tilli tafakkur sohiblari bo‘lib kamol topadilar.
Dastur
Bizning o‘quv dasturimiz O‘zbekiston Respublikasi Milliy o‘quv dasturiga tayangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, matematika, tabiiy fanlar, ijtimoiy fanlar hamda san’at yo‘nalishlarida mustahkam akademik poydevor yaratadi.
Ana shu asos negiziga Iqtidor xalqaro maktabi yana besh muhim yo‘nalish bo‘yicha kengaytirilgan mashg‘ulotlar va boyitilgan ta’lim soatlarini qo‘shadi:
- Til – O‘zbek, rus va ingliz tillarida chuqur savodxonlik hamda erkin va boy ifoda ko‘nikmalarini rivojlantirish.
- Matematika – Mantiqiy fikrlash va muammolarni samarali hal etish ko‘nikmalari.
- Xarakter – Axloqiy mulohaza yuritish va ijtimoiy mas’uliyatni kundalik amaliyotga aylantirish.
- Gumanitar – Tarix, geografiya, falsafa va madaniyat — insoniyat hikoyasini anglashga eltuvchi muhim yo‘llar sifatida.
- Estetik – San’at, musiqa, yoga harakatlari va shaxsiy ijodiy ifoda orqali go‘zallikni nozik his etish, uyg‘unlikni anglash hamda estetik didni yuksaltirish.
Biz gumanitar fanlarni har bir bolaning salohiyatini kamolga yetkazishda nihoyatda muhim deb bilamiz. Ular mehr-shafqat, tasavvur va mulohaza yuritish qobiliyatini shakllantiradi — aynan shu fazilatlar bilimni donolikka, iqtidorni esa jamiyatga foydali hissaga aylantiradi.